воскресенье, 8 марта 2015 г.

Assalomu alaykum azizlar! Omonmisiz? Ha, sizni bezovta qilayotgan yana men. Biroz oldin bir akaxonimiz “noshukrlik haqida ham bir blog yozmaysizmi...” deb qoldilar. O’zimcha yaxshi fikr dedim-u, darxol yozishga kirishdim. 15-20 daqiqa kompyuterimda bir nimalar yozishga harakat qildim. Bo’lmadi. O’ylab qarasam noshukrlik haqida o’zim hech narsa bilmas ekanman. Bilmagan narsang haqida “falsafa so’qish” ahmoqgarchilik bo’lsa kerak. Baribir bu mavzu meni tinch qo’ymadi, internet-u kitoblarni titkilab bir –ikkita material topdim. Shularni sal o’zimga to’g’irlab sizlarga havola qilmoqdaman. Har doimgidek kamchiliklar bo’lsa, oldinlari eshitgan yoki o’qigan narsalariz haqida yozilgan bo’lsa, uzr so’rayman(“...Buyuklar-o’g’irlashadi” deyishadi-ku).

  Noshukrlik-barchamizda bolalikdan shakllanadigan odat. Balki, qonimizga singib ketgan illat bo’lsa kerak(Odam Ato va Momo Havoning jannatdan quvgan ham shudir balki), yana bilmadim. Keling  boshlanishiga bir rivoyatni esga olsak-da,keyin mavzumizni davom ettirsak.
  Bir noshukr banda tush ko’ripti... Tushida bir inson noshukrni qo’lidan ushlab yetaklagancha bir uyga olib kiripti. Uyga kirib qarasa uyni tomidan to’htovsiz chakka o’tarmish. Noshukr asta so’rapti:
-Ey birodar, nima bu uyni egasi shu qadar qashshoqmi?! Hatto chakka o’tayotgan joylarni ham ta’mirlamabdi... U inson javob beribdi:
-Yo’q, bu chakka emas Olloh o’z bandalariga nozil qilayotgan rizq-u nasibasi. Faqat senga mana shu tarzda ko’rsatilyapti, tushunishing uchun. Ana qara, bir joydan ko’proq, bir joydan kamroq tushayapti... Chelaklab tushayotgani boyroq odamniki, kamroq tushayotgani esa kamrog’iniki. Xullas, har kimni rizqi Olloh tomonidan qancha belgilangan bo’lsa, sen shularni ko’rib turibsan...
-Mening ham rizqim tushayotgan teshik bormi?
-“Ha,albatta”-deb javob berdi va bir  teshikni ko’rsatdi. U yerdan bir tomib, bir to’xtab tomchi tushayotgan emish. Buni ko’paytirishni iloji bormi?
-Ha, uni ko’paytirish uchun shukr qilish kerak...
Noshukr “E  yo’q, teshikni kattalashtirish kerak”-dedi va bir cho’p topib kelib teshikni kovlay boshladi. Shu orada cho’p teshikka tiqilganicha sinib qoldi va “tomayotgan” bir tomchi ham to’xtab qoldi...

   Noshukrlikning kasri eng avvalo odamning o’ziga uradi. Bu o’ziga xos yebto’ymaslikka o’xshaydi. Ammo ochko’z odamning ovqat yeyishda chegarasi bo’ladi . Ming ochko’z bo’lmasin, ma’lum miqdorda ovqat yegach, u to’yganini sezadi. Ammo noshukrlik bu jismoniy emas, psixologik (aqliy) ochko’zlik. U odamning komplekslari-yu muhimligini boqish bilan ovora bo’ladi. O’n qop tillasi bor noshukrni yuz qop tilla bilan ham shukrona keltirishga undash qiyin. Inson boriga shukr va qanoat qila bilishi, shi o’rinda bundan-da yaxshirog’iga harakat ham qilishi lozim. O’zining halol mehnati-yu peshona terisi bilan.
  Menimcha, inson birinchi navbatda shukr qila bilihi kerak.Oddiygina misol “yangi krasovkam yoq”deydigan odam,  dunyoda oyog’i yo’q odamlar ham borligini bilarmikan?! Yoki “farzandlarimi hammasi qiz” deb noliydigani “tirnoqqa” zorlar qanchaliginichi?! “ikki qavatli uy kerak” deguvchi  yer yuzida 750 milliondan ortiq odamning umuman bosh-panasi yo’qliginichi?! Hatto shundaylar borki tinchlikning borligiga ham shukr qilmaydilar. Atrofga, dunyoga boq! Ko’rmayapsanmi, qancha-qancha boyligi-yu,mol-davlati bor urush orqasidan bir burda nonga zor...
  Ozg’inligimdan nolirdim oldinlari. Yaqinda hindlarning bir “Talant” degan shou-ko’rasatuvini ko’rib qoldim. Unda bir oyog’i yo’q  qiz 3 daqiqa davomida raqs tushib, zaldagilarni hayrati va olqishiga sazovor bo’ldi. Bir oyoqda raqs-a!  Ko’rib etlarim junjikib ketdi. Qizning irodasi-yu iqtidoriga qoyil qoldim. Men bo’lsa qayoqdagi bo’lar-bo’lmas narsalarga boshimni og’ritib yuribman. Shu videoni kompyuterinming “bosh oynasi”ga qo’yib qo’ydim. Har safar komyuterimni yoqqanimda ko’rish uchun...
Noshukrlikning davosi- shartsiz orzu qilishdir. Ya’ni orzuga erishish uchun emas orzu qilish jarayonidan rohatlanish uchun orzu qilish. Mana sizga noshukr odamning orzu qilish tartibi:

“Qaniydi, Karibdagi biror orol sohilida o’zimni oftobga solib yotsam. Juda mazza bolardi-da” -bu jarayonning sof orzu qismi, unda odamning ko’zlari yumilgan, tanasi bo’shashgan, chexrasi ochiq bo’ladi. Undan keyin keladigan fikr: “Buning uchun pulim bo’lishi kerak-da” -bu shart qismi, ya’ni orzuga erishish uchun qanday shart bajarilishi kerak. Tamom, orzu mana shu yerda tugaydi. Odamning yuzi darrov jiddiylashadi, tana muskullari taranglashadi, aql o’z ishini boshlaydi. Keyingi fikr: -Xo’sh, pulni qayerdan olsa bo’ladi? “A” qilsammikan, “B” qilsammikan?... -bunisi endi reja qismi. Bunda orzuning hidi ham qolmaydi, odam endi aqliy faoliyat bilan band (foydasiz aqliy faoliyat bilan). Oxirgi fikr: “Har yo’liga qilsam ham, kerakli pulni topa olmas ekanman. Esizgina, kinolarda ko’rgan joylarimni ko’rish nasib qilmas ekan-da... -bu orzuning dafn marosimi, uni chuqur qabrga ko’mib, ustiga armon toshi qo’yiladi.

Mana bunisi rostan ham Yaratganning cheksiz marhamatiga ishongan, uning qudratiga shubha qilmagan odamning orzu qilishi:

“Dengiz bo’yida mazza qilib oftobda toblansam. Yaqinlarim ham yonimda bo’lsa. Ha nima? Xudo beraman desa, beraveradi. Mana, ishlarim yaxshi ketyapti, topishim yomonmas. Shu paytgacha ko’p niyatlarimga erishdim. Bir kun kelib, dengiz bo’yiga ham boramiz-da, Xudo xohlasa. O’sha kunlarga o’zi yetkazsin, iloyim...”

Bu odamning butun orzu qilish jarayonida yuzidan tabassum ketmaydi. Orzu qilayotgandayoq huddi niyatiga erishgandek dili yayraydi. Bunga qanday erishadi, buning uchun nimalar qilish kerak? Bu uni qiziqtirmaydi. Unga orzu qilishing o’zi yetarli. U atrof-dunyoga o’z orzusini qush kabi uchirib yuboradi: agar ahdi mustahkam bo’lsa, bir kuni orzusi uning oldiga o’z ro’Yobini boshlab keladi.

O’zingiz o’ylab ko’ring: ozruni avval boshidayoq armonga aylantirib, ko’mib tashlagandan kora, uni erkin qo’yib yuborgan yaxshi emasmi? Aytaylik, siz shaharning bir nuqtasidan boshqa nuqtasiga bormoqchisiz. Aynan siz bilgan yo’l ta’mirlash va’ji bilan to’sib qo’yilgani sababli siz yo’lga chiqishdan voz kechdingiz. Lekin sizni ko’zlagan manzilingizga olib boradigan yo’llar soni cheksiz.  Ularning hammasini siz bilishingiz shart emas, yo’l o’zi sizni olib boradi.

Huddi shunday, sizdan urzu qilish va harakatlarnish talab etiladi, xolos. Istagingizga sizni aynan qaysi yo’llar bilan va qaysi vositalar yordamida yetkazishni siz Xudoga ishonib topshiring. Toki U orzuyingizga siz bilmagan va xayolingizga ham keltirmagan qisqa va zavqli yo’llardan olib borsin. Faqat maqsadingizga erishganingizda shukrona keltirishni unutmang.


Men ham siz bilan suhbat qurib, ko’nglim istagiga erishishim uchun imkon bergan Yaratganga shukrlar aytaman. Menga sizdek suhbatdoshlarni berganiga shukr. Boringizga shukr.

2 комментария: